Ehrom bogʻlagan kishi uchun odatda halol boʻlgan baʼzi ishlar vaqtincha harom boʻladi. Bularni bilmaslik ziyoratchini beixtiyor jinoyatga olib boradi. Quyida ehromdagi kishiga nima man qilinishi — kiyim, xushboʻylik, ov, nikoh — va aksincha, nima joiz ekani hadislar asosida bayon etilgan.
Kiyim kiyish va xushboʻy surtish
Erkaklar nima kiymaydi
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi: «Ey Allohning Rasuli! Ehromdagi kishi qaysi kiyimlarni kiyadi?» dedi.
«Koʻylaklar, sallalar, shalvorlar, kulohlar, mahsilarni kiymaydi. Ammo kiygani kavush topmasa, mahsi kiyib, oshigʻidan pastidan kesib olsin. Zaʼfaron va varas tekkan kiyimlarni kiymanglar», dedilar».
Sharh: Umuman olganda, erkak kishi ehromga kirganda tikilgan narsa kiyishi mutlaqo mumkin emas.
«Zaʼfaron» sariq rangli oʻsimlik boʻlib, uni kiyimlarga koʻproq xushboʻy narsa sifatida surtilgan. «Varas» Yamanda oʻsadigan sargʻish-qizil oʻsimlik boʻlib, u ham xushboʻy narsa sifatida ishlatilgan. Haj va umra qiluvchi kishi ehrom kiyimiga bu ikki narsani surtishi mumkin emas.
Ehromdagi erkak kishi oyoqlarining ust qismi ochiq boʻlishi lozim. Shuning uchun kavushi yoʻq odam mahsi kiyishga majbur boʻlsa, uning oshigʻidan pastini kesib tashlashi lozim.
Kavush yoki izor topilmasa
Boshqa bir rivoyatda: «Kim kavush topmasa, mahsi kiysin. Kim izor topmasa, shalvor kiysin», deyilgan.
Sharh: Albatta, kavush topmagan kishi mahsini oshigʻidan pastidan kesib, kiyadi.
Izor — ehrom bogʻlagan erkak kishi kindigidan pastiga tutadigan lungi. Izorni topmagan kishi shalvor kiyib olsa boʻlar ekan. Bunda oʻsha kiyimning iloji boricha izorga yaqin boʻlishi rioya qilinadi.
Toʻn kiyish va soch-soqolni boʻyash
Yaʼlo ibn Umayya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jaʼronada umra niyatini qilib boʻlganlarida soqoli va boshini sariqqa boʻyagan, chopon kiyib olgan bir kishi keldi va: «Ey Allohning Rasuli! Men umraga ehrom bogʻladim. Oʻzim esa koʻrib turganingizdek», dedi.
«Ustingdagi choponni yech. Oʻzingdagi sariqni yuv. Hajingda nima qilsang, umrangda ham shuni qil», dedilar».
Ikkisini beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Demak, umrada ham xuddi hajdagi kabi ehrom bogʻlanadi va hajga ehrom bogʻlagan kishiga harom boʻlgan narsalar umraga ehrom bogʻlagan kishiga ham harom boʻladi. Ushbu rivoyat qahramoni kabi toʻn kiyish, soch-soqolni boʻyash kabi ishlar shular jumlasidandir.
Ehromda vafot etgan kishi
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga edi. Bas, tuyasi uni ehromdagi holida yiqitdi. U oʻlib qoldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Uni suv va sidr ila yuvinglar. Ikki (ehrom) kiyimi ila kafanlanglar. Unga xushboʻy surtmanglar. Uning boshini oʻramanglar. Chunki u qiyomat kuni «labbayka» aytgan holida tiriltiriladi», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda ehromda yurganida oʻlgan odamga oid hukmlar bayon etilmoqda:
- U suv va sidr bilan yuviladi. Sidr yumshatish xususiyatiga ega boʻlgan oʻsimlik boʻlib, Arabistonda mayyit yuviladigan suvga qoʻshiladi.
- Uni ehrom kiyimlari bilan kafanlash afzal.
- Unga xushboʻy narsa surtilmaydi. Chunki u oʻlimidan oldin ham xushboʻy narsa harom boʻlgan holda edi.
- Uning boshi berkitilmaydi. Chunki u oʻlimidan oldin ham boshi ochiq yurishi lozim holda edi.
- Uning bu holda oʻlishi sharaflidir. U qiyomat kuni «labbayka» aytgan holda qayta tiriladi.
Ayollarning ehrom kiyimi
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollarni ehromda qoʻlqop kiyishdan, niqob tutishdan va zaʼfaron hamda varas tekkan narsani kiyishdan nahiy qilganlarini eshitdim.
Undan boshqa yaxshi koʻrgan rangdagi kiyimlarini: boʻyalganmi, ipakmi, taqinchoqmi, shalvormi, koʻylakmi, mahsimi kiyaversin».
«Sunan» egalari va Ahmad rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifdan ayollarning ehrom kiyimlari erkaklarnikidan tamomila boshqacha ekanligi yaqqol koʻrinib turibdi. Kiyim xususida ehromdagi ayolga uch narsa man qilinadi:
1. Qoʻlqop kiyish. Baʼzi ayollar oʻzlarini berkitish maqsadida hatto qoʻllariga qoʻlqop kiyib olishadi. Bu narsa ehromdagi ayolga mumkin emas. Ehromdagi ayolning ikki qoʻlining boʻgʻinidan pasti ochiq turishi kerak.
2. Niqob tutish. Baʼzi ayollar taqvo qilib, yuzlarini niqob bilan butunlay toʻsib, faqat ikki koʻzlarinigina ochib yuradilar. Bu narsa ham ehromdagi ayolga mumkin emas. Ehromdagi ayolning yuzlari berk boʻlishi durust emas.
3. Zaʼfaron va varas surtilgan kiyim kiyish. Chunki zaʼfaron va varas xushboʻy narsalardir. Ehromdagi kishiga boshqa xushboʻy narsalar qatori ular ham man qilingan. Bu borada ehromdagi erkaklar va ayollar barobardirlar.
Ayol kishi mazkur narsalardan boshqa kiyimlarni kiyaveradi.
Nomahram oʻtganda yuzni yopish
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bizning oldimizdan otliqlar oʻtardi. Biz esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ehromda edik. Ular toʻgʻrimizga kelganlarida (har) birimiz jilbobimizni boshimizdan yuzimizga tushirib olardik. Ular bizdan oʻtib ketganlarida uni ochardik».
Abu Dovud va Ibn Moja solih sanad ila rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisdan ehromdagi ayollarning begona erkaklardan yuzlarini toʻsishlari kelib chiqadi. Bu rivoyat Nabiy alayhissalomning azvoji mutahharotlariga xos boʻlishi ham mumkin.
Umuman olganda, ayol kishining ehromdalik chogʻida yuzi va kaftlarini toʻsishi haromdir. Faqat nomahram erkaklarga duch kelib qolgandagina yuzini ulardan olib qochadi.
Zararsiz ov hayvonini oʻldirish
Alloh taolo:
«Sizlarga dengiz ovi va uning taomi siz va yoʻlovchilar bahramand boʻlishingiz uchun halol qilindi. Modomiki ehromda ekansiz, sizga quruqlik ovi harom qilindi. Huzurida toʻplanadiganingiz Allohga taqvo qiling», degan.
«Moida» surasi, 96-oyat
Ehromdagi insonning suv hayvonlarini ov qilishi yoki uning taomidan isteʼmol qilishi joiz. Lekin: «Modomiki ehromda ekansiz, sizga quruqlik ovi harom qilindi».
Yaʼni Allohning amriga itoat qilmogʻingiz zarur. Bu ish taqvo bilan boʻladi. Shunday ekan, qiyomat kuni «Huzurida toʻplanadiganingiz Allohga taqvo qiling».
Mazkur hukm, yaʼni ovning yoki boshqa yana baʼzi bir ishlarning harom qilinishi faqat haj va umra zamonigagina taalluqli emas. Balki baʼzi makonlarda doimiy ravishda joriy etilgan. Shuningdek, ayrim oylar ham harom qilingan.
Ehromdagi kishi uchun quruqlikdagi hayvonlarini ovlash haromdir. Ular bu ishni qilishlari mumkin emas.
Hadya qilingan ov qaytarilgani
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Saʼb ibn Jassoma Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yovvoyi eshakni hadya qildi. U zot ehromda edilar. Uni qaytardilar va: «Agar ehromda boʻlmaganimizda uni sendan qabul qilar edik», dedilar».
Sharh: Zebra nomli hayvon arab tilida «yovvoyi eshak» deb ataladi. Saʼb ibn Jassoma roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamga u zot ehromdalik chogʻlarida yovvoyi eshakni hadya qilgan ekan. Shunda Rasululloh alayhissalom ehromda ekanliklarini va bu hadyani olishdan uzrli ekanliklarini tushuntirgan ekanlar.
Boshqa bir rivoyatda: «U zotga ov hayvonining bir aʼzosi hadya qilindi. U zot uni qaytardilar va: «Biz uni yemaymiz, biz ehromdamiz», dedilar», deyilgan.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisdan ehromdagi odam oʻzi ovlamagan boʻlsa ham boshqa kishilar ovlagan narsalardan manfaatlanishi, uning goʻshtidan yeyishi mumkin emasligi kelib chiqadi.
Keyingi rivoyatdan esa oʻsha boshqa odam ehromda boʻlmasa, uning ovidan yeyishi mumkinligi ravshan boʻladi. Ehromdagi odam ov qilsa, uning oʻzi ham, boshqa ehromdagi kishilar ham u ovdan yeyishlari mumkin emas.
Qachon ov halol boʻladi
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Modomiki u (ov)ni oʻzingiz ovlamagan boʻlsangiz yoki siz uchun ovlanmagan boʻlsa, sizga ehromdagi holingizda quruqlik ovi haloldir», dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar. Shofeʼiy bu hadisni «Ushbu bobga oid eng yaxshi hadisdir», deganlar.
Sharh: Bu hadisdan ehromda boʻlmagan kishi ovlagan ovni ehromdagi kishi yesa boʻladi degan maʼno kelib chiqadi.
Hanafiy mazhabi boʻyicha ov ehromdagi kishiga halol boʻlishi uchun uni ehromli odam ovlamagan va pishirmagan boʻlishi, bu ishlarning hammasini ehromda boʻlmagan odam qilgan boʻlishi shartdir.
Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqalar Abu Qatoda roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Hudaybiya yili odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan umraga ehrom bogʻladilar. Faqat mengina ehrom bogʻlamadim. Bir yovvoyi eshakni ovladim. Uni sheriklarimga taom qilib berdim. Ular ehromda edilar.
Soʻngra Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xabarni yetkazdim va bizda uning goʻshtidan yana borligini aytdim. U zot «Uni yenglar», dedilar. Ular ehromda edilar».
Chigirtka — dengiz ovi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga haj yoki umra uchun chiqdik. Oldimizdan chigirtka toʻpi chiqib qoldi. Biz ularni qamchilarimiz va asolarimiz bilan ura boshladik.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uni yenglar. U dengiz ovidandir», dedilar».
Sharh: Bu hadisdan ehromdagi odam chigirtkani yeyishi mumkinligi maʼlum boʻlmoqda. Chunki Paygʻambarimiz alayhissalom ushbu hadisi sharifda taʼkidlayotganlaridek, chigirtka quruqlik hayvoni emas, dengiz hayvoni qatoriga kiradi.
Oʻldirilishi mumkin boʻlgan zararkunandalar
Hafsa roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim hayvonlardan beshtasini qatl qilsa, haraj emas. (Ular) ola qargʻa, kalxat, sichqon, chayon va quturgan it», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Besh fosiq hil (haram tashqarisi)da ham, haramda ham qatl qilinadi. (Ular) ilon, ola qargʻa, sichqon, quturgan it va kalxat», deyilgan.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: «Fosiq» soʻzi «chegaradan chiqqan» maʼnosida ishlatiladi. Ushbu ikki rivoyatda nomi zikr qilingan hayvonlar doimiy ravishda zararkunandalik qiladigan hayvonlardir.
Ularning yomonligidan saqlanish maqsadida ularni haramda ham, haramdan tashqarida ham, ehromdalik chogʻda ham, ehromda boʻlmagan chogʻda ham oʻldirishga ruxsat berilgan.
Demak, ehromdagi kishi mazkur zararkunanda hayvonlarni oʻldirsa, ibodatiga putur yetmaydi.
Nikoh
Abon ibn Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Otamning «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ehromli kishi nikohlanmaydi, nikohlamaydi va sovchi qoʻymaydi», deganlarini eshitganman».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu hadisi sharifda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ehromdagi kishiga nikoh bobidagi uch narsani man qilmoqdalar:
1. Nikohlanish. Ehromdagi kishiga nikohdan oʻtishi mumkin emas. Boshqacha qilib aytganda, xotin olish yoki erga tegish mumkin emas. Hanafiylar «Aqdi nikoh qilsa boʻladi, ammo birga yashamay turadi», deganlar.
2. Nikohlash. Ehromdagi kishi boshqa birovning nikohida vakil, valiy yoki shunga oʻxshash nikoh ishlarida hal qiluvchi kishi sifatida ishtirok etishi mumkin emas.
3. Sovchi qoʻyish. Ehromdagi kishi biror ayolga uylanmoqchi boʻlib, oʻzi gap ochishi va yoki birov orqali muomala qilishi mumkin emas. Ulamolarimiz «Ehromdagi kishining sovchi qoʻyishi makruh», deganlar.
Maymuna onamizga uylanish masalasi
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ehromdalik hollarida Maymunaga uylandilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Hanafiylar avval ham aytib oʻtilganidek, aynan ushbu hadisi sharifni hujjat qilib, «Ehromdagi kishi aqdi nikoh qilsa boʻladi, ammo birga yashamay turadi», deganlar.
«Saʼiyd ibn Musayyib roziyallohu anhu: «Ibn Abbos bu borada xato qilgan. U bu hadisning roviylaridan yolgʻiz oʻzi ajrab chiqqan. Ularning ichida Abu Rofeʼ va Maymunaning oʻzi ham bor.
U kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Sarifda menga uylanganlarida ikkimiz ham ehromda emas edik», degan».
Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Sarif — Makkai mukarramadan Fotima vodiysiga qarab yurganda olti mil uzoqlikdagi joyning nomi. Abu Rofeʼ roziyallohu anhu Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning xizmatchilari boʻlib, u zotning Maymuna onamizga uylanishlarida elchilik qilganlar.
Demak, Maymuna onamizning eʼtirof etishlaricha, Paygʻambarimiz alayhissalom ul muhtaramaga uylanganlarida ikkovlari ham ehromda boʻlmaganlar.
Termiziyning lafzida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga ehromsiz hollarida uylanganlar, ehromsiz hollarida qoʻshilganlar. U kishi roziyallohu anho Sarifda vafot etganlar va u zot bilan birga boʻlgan joyga dafn qilinganlar», deyilgan.
Sharh: Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maymuna onamizga aqdi nikoh qilganlarida ham, u kishining oldilariga kirganlarida ham ehromda boʻlmaganlar.
Ehromli kishiga gʻusl, qon oldirish va surma qoʻyish joiz
Gʻusl qilish
Abu Ayub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ehromdalik hollarida gʻusl qilayotganlarini koʻrdim. U zot boshlarini ikki qoʻllari bilan ishqaladilar, — dedi va ikki qoʻlini oldinga olib borib, orqaga qaytardi-da: — U zotning shunday qilayotganlarini koʻrdim», dedi».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisdan ehromdagi kishining gʻusl qilishi, boshini yuvishi mumkinligi maʼlum boʻladi. Albatta, bu ishlar ehtiyot boʻlib, badandagi tuklarni toʻkib yubormasdan amalga oshiriladi.
Qon oldirish va davolanish
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ehromdalik hollarida Lahyi Jamalda boshlarining oʻrtasidan qon oldirdilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar. Abu Dovud «Oʻzlaridagi dard sababli» jumlasini ziyoda qilgan.
Sharh: Bu hadisdan ehromdagi kishi qon oldirishi joiz ekanligi kelib chiqadi. Boshqa muolajalarni ham shunga qiyos qilib olsa boʻladi.
Koʻz ogʻrigʻini davolash
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ehromdagi ikki koʻzida ogʻriq bor kishi ularni aloe bilan artadi», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Ulamolarimiz ehromdagi kishini davolash aloega oʻxshash achchiq narsa bilan boʻlishi shartligini, muattar (xushboʻy) narsa bilan boʻlishi mumkin emasligini taʼkidlaganlar.
Amaliy eslatma. Ehrom taqiqlarining koʻpchiligi bilmasdan buziladi: xushboʻy sovun yoki shampun ishlatish, dezodorant surtish, tikilgan kiyim kiyish. Guruh rahbarimiz ehrom bogʻlashdan oldin brifing oʻtkazadi va hidsiz sovun kabi mayda narsalarni oldindan eslatadi. Savolingiz boʻlsa — soʻrashdan tortinmang.