Madinai munavvara yer yuzidagi eng fazilatli shahar boʻlib, Paygʻambarimiz alayhissalomning hijrat qilgan joylaridir. U Qurʼoni Karimning koʻp oyatlari tushgan, Islom davlati qurilgan, sahobai kiromlarni koʻrgan, Paygʻambarimizning muborak jasadlarini oʻz bagʻriga olgan, ulugʻ sahobai kiromlar dafn etilgan shahar.
Madinai munavvaraga ziyoratga borish haj ibodatidan hisoblanmaydi. Lekin haj mavsumi bu ulugʻ shaharni ziyorat qilishga eng qulay imkoniyatdir. Alohida yana kelishga odamning qurbi yetadimi, yoʻqmi, Alloh biladi. Shuning uchun har bir hoji, xoh hajdan avval boʻlsin, xoh keyin boʻlsin, Madinai munavvaraga ziyoratga borishga oshiqadi.
Uch masjidning fazli
Madinai munavvara va xususan, Paygʻambarimiz alayhissalomning muborak masjidlari ziyoratining fazli haqida koʻplab hadislar vorid boʻlgan. Shulardan birida:
«Koʻch bogʻlab, ziyoratga faqat uch masjidga: Masjidul haromga, Masjidul Aqsoga va mening masjidimga borsa boʻladi», deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Mening masjidimdagi bir namoz undan boshqasidagi mingta namozdan yaxshidir. Faqat Masjidul haromgina undan mustasno», deganlar.
Chunki Masjidul haromdagi bir namoz boshqa oddiy masjidlardagi yuz ming namozga tengdir.
Ziyoratga tayyorgarlik
Ziyoratchi avvalo gunohlariga tavba qilib, xususan, Paygʻambar alayhissalomning sunnatlariga xilof boʻlgan ishlardan tavba qilib, keyin ziyoratga otlanadi. Yoʻlda u zotga salovot va durudlarni koʻplab aytadi.
U zotning masjidlariga kirishdan oldin gʻusl qilib, oʻziga xushboʻy narsalardan surtib, eng yaxshi kiyimlarini kiyib boradi. Muborak masjidga oʻng oyogʻi bilan kiradi va kirish paytida duo qiladi.
«Bismillahi, vassolatu vassalamu ala Rasulillahi, aʼuzu billahil ʼazviym va bivajhihil kariym va sultonihil qodiymi minash shaytonir rojiym, Allohumma iftah liy abvaba rohmatik»
«Allohning nomi bilan, Rasullullohga salot va salomlar boʻlsin. Ulugʻ Allohdan uning kariym vajihi ila, qadiym sultoni ila shaytonning yomonligidan panoh tilayman. Allohim, menga rahmat eshiklarini ochgil».
Ravzada namoz
Soʻngra qalbidagi eng yaxshi duolarni qilib, ravza sari yuradi. Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Ma bayna bayti va minbari rovzatum mir riyazil jannah» — «Uyim bilan minbarim oʻrtasida jannat bogʻlaridan bir bogʻ bor», deganlar.
Shuning uchun Ravzada ikki rakʼat namoz oʻqish afzaldir.
Paygʻambarimizga salom berish
Keyin nihoyatda chiroyli odob bilan Nabiy alayhissalomning qabrlari tomon yuriladi. Qabri sharifga yuzni qilib turib, toʻgʻrisiga kelganda salom beriladi:
«Assalamu alayka, yaa Rasulallohi va rohmatullohi va barokatuh!»
«Yo Rasululloh! Sizga salom, Allohning rahmati va barokati boʻlsin!»
«Assalamu alayka, yaa xoyro xolqillah!»
«Salom Sizga, ey Alloh yaratganlarning eng yaxshisi!»
«Assalamu alayka, yaa sayyidal mursaliyn!»
«Salom Sizga, ey elchilarning sayyidi!»
«Assalamu alayka, yaa imamal muttaqiyn!»
«Salom Sizga, ey taqvodorlarning imomi!»
«Ashhadu annaka qod ballagʻtar risalah va addaytal amanah va nasahtal ummah va jahadta fillahi haqqo jihadihi»
«Guvohlik beramanki, albatta Siz risolatni yetkazdingiz, omonatni ado etdingiz, ummatga nasihat qildingiz va Alloh uchun haqiqiy jiddu jahd qildingiz».
Paygʻambarimiz alayhissalomga salom berish ulugʻ baxt va saodatdir. Hadisi sharifda u zot:
«Biror kishi menga salom bersa, albatta, Alloh mening ruhimni qaytarib beradi va men oʻsha odamning salomiga alik olaman», deganlar.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga salom
Soʻngra hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning qabrlariga roʻpara boʻlinadi. U kishiga ham salom beriladi:
«Assalamu alayka, yaa xalifata Rasulillahi!»
«Salom Sizga, ey Rasulullohning xalifasi!»
«Assalamu alayka, yaa sohiba Rasulillahi va aniysuhu fil gʻori va rofiqohu fil asfaari va amiynuhu ʼalal asrori! Jazaakallohu anna afzola maa jaza imaman an ummati nabiyyih!»
«Salom Sizga, ey Rasulullohning sohibi, gʻordagi sherigi, safarlarda hamrohi, sirlariga omonatdori! Alloh Sizni Nabiysining ummati nomidan bir imomni mukofotlagandan afzal mukofotlasin!»
«Assalamu alayka va rohmatullohi va barokatuhu!»
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga salom
Soʻngra hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning qabrlariga roʻpara kelinadi va salom beriladi:
«Assalamu alayka, yaa amiral muʼminiyn!»
«Salom Sizga, ey moʻminlarning amiri!»
«Assalamu alayka, yaa muzhirol Islam!»
«Salom Sizga, ey Islomning zohir qiluvchisi!»
«Assalamu alayka, yaa mukassirol asnam!»
«Salom Sizga, ey butlarni sindiruvchi!»
«Assalamu alayka va rohmatullohi va barokatuh!»
Keyin qiblaga qarab dildagi duolar ixlos bilan oʻqiladi.
Madinada turgan kunlarda
Ziyoratchi Madinai munavvarada boʻlgan paytida farz namozlarini jamoat bilan harami sharifda ado qiladi. Koʻproq Ravzai sharifda nafl namozlari oʻqilsa, tilovat qilinsa, salovotu durudlar aytilsa, juda yaxshi boʻladi.
Madinai munavvarada turilgan paytda ov hayvonlarini ovlashdan yoki oʻsimliklarni kesishdan saqlanish kerak. Chunki Makkai mukarramani Alloh subhanahu va taolo harom qilgan boʻlsa, Madinai munavvarani Paygʻambarimiz alayhissalom harom qilganlar. Harami Makkiyga nima joriy qilingan boʻlsa, harami Madaniyga ham oʻsha narsalar joriy etiladi.
Quboʻ masjidi
Ibn Umardan rivoyat etilgan bir hadisi sharifda Paygʻambarimiz alayhissalomning Quboʻ masjidini ziyorat qilib, ikki rakʼat namoz oʻqib turganlari aytiladi. Shuning uchun ziyoratchi Madinai munavvarada turgan chogʻida Quboʻ masjidini ham ziyorat qilsa yaxshi boʻladi.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom:
«Kim uyida tahorat qilib, Quboʻ masjidiga kelib, namoz oʻqisa, umraning savobini oladi», deganlar.
Baqiʼ, shahidlar qabristoni va Uhud
Shuningdek, Madinai munavvarada sahobalar dafn etilgan Baqiʼ qabristoni, shahidlar qabristoni va Uhud togʻi tagida hazrati Hamzaning qabrlari bor. U yerlarni ham ziyorat etish juda savobli ishdir. Paygʻambar alayhissolatu vassalom ularni doimo ziyorat qilar edilar.
Ziyorat paytida quyidagi duo oʻqiladi:
«Assalamu alaykum daro qavmin muʼminiyn. Inna inshaallohu bikum lahiquun. Nasʼalullohaa lana va lakumul ʼaafiyah»
«Assalomu alaykum, ey moʻmin qavmlar diyori! Albatta biz, Alloh xohlasa, sizlarga yetishuvchimiz. Allohdan oʻzimizga va sizlarga ofiyat soʻraymiz».
Shuningdek, ziyorat qilinadigan boshqa joylarni ham ziyorat etsa boʻladi.