Madinai munavvara — Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijrat qilgan, Islom davlati shakllangan va u zotning muborak qabrlari joylashgan shahar. Hadislarda bu shaharning fazli haqida koʻplab maʼlumotlar kelgan.
Quyida Madinaning nomlari, sifatlari va unga berilgan bashoratlar haqidagi hadislar keltirilgan.
«Toba» — pokiza shahar
Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh taolo Madinani Toba deb nomlagan», dedilar».
Sharh: «Toba» — «yaxshi», «pokiza», «xushroʻy» kabi bir-biriga yaqin maʼnolarni oʻzida mujassam qiladi.
«Shaharlarni yeydigan shahar»
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Shaharlarni yeydigan (yengadigan) shaharda turishga amr qilindim. Uni Yasrib deydilar. U Madinadir. U (yomon) odamlarni xuddi bosqon temirning kirini surgun qilgandek, surgun qiladi», dedilar».
Ikkisini ikki shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: Madinai munavvara Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning va xulafoi roshidinlarning davrlarida Islom davlatining markazi boʻlganligi, shahar-qishloqlar birin-ketin unga qaram boʻlganligi sababli u «shaharlarni yeydigan shahar» deb vasf qilingan.
Yomon odamlar Madinai munavvarada istiqomat qilish imkoniga ega boʻlmaganliklari uchun u «odamlarni surgun qiladigan shahar» deb ham atalgan.
Madina — temirchining bosqoni
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir aʼrobiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga Islom uchun bayʼat qildi. Ertasiga u isitmalagan holda keldi va: «Meni bayʼatdan boʻshating», dedi. U zot uch marta bosh tortdilar. Soʻng aʼrobiy chiqib ketdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Madina xuddi bosqonga oʻxshaydi. U zangini koʻchirib, yaxshisini musaffo qilib turadi», dedilar».
Sharh: Madinai munavvarada yomon odamlar istiqomat qilishi qiyin. Ammo bu muqaddas shaharda yaxshi odamlarning yashashi osonlashadi.
Iymon Madinaga qaytadi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, iymon Madinaga xuddi ilon iniga kirgandek kiradi», dedilar».
Ikkisini ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Qiyomatga yaqin qolganda boshqa taraflarda iymon yoʻqolib ketsa ham, Madinada saqlanib qoladi.
Eng oxiri vayron boʻladigan shahar
Yana oʻsha kishidan rivoyat qilinadi: «Islom shaharlaridan eng oxiri vayron boʻladigani Madinadir», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan va hasan degan.
«Masjidlar» bobida uch masjidning fazli haqida maʼlumotlar oʻtgan.