Talbiya biz tomonlarda «labbayka aytish» nomi bilan mashhur. Ushbu sarlavha ostida keladigan hadisi shariflarni oʻrganish davomida talbiyaning lafzlari, uning fazli va vaqti kabi mavzular bilan yaqindan tanishamiz.
Talbiyaning mashhur siygʻasi
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulovlari u zotni koʻtarib, Zul-Hulayfa masjidi oldida tik turganida:
«Labbaykallohumma labbayk. Labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda vanneʼmata laka val mulk. Laa shariyka lak!» der edilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Talbiyaning xuddi mana shu siygʻasi butun dunyo musulmonlari orasida mashhur va hozirgi kunda ham aytilib kelinayotir.
Labbaykallohumma labbayk. Labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda vanneʼmata laka val mulk. Laa shariyka lak!
«Labbay Senga Allohim, labbay! Senga labbay! Sening shariging yoʻq, Senga labbay! Albatta, hamd ham, neʼmat ham, mulk ham Senikidir! Sening shariging yoʻqdir!»
Umar roziyallohu anhu qoʻshgan ziyoda
Buxoriydan boshqalar quyidagilarni ziyoda qilganlar: «Ibn Umar roziyallohu anhumo: «Umar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlagan talbiyalari ila haligi kalimalarni aytar va:
«Labbaykallohumma labbayk. Labbayka va saʼdayka. Val xoyru fii yadayka. Labbayka var-rogʻbau ilayka val amalu» der edi».
Sharh: Ammo bu ziyodani aytish koʻpchilikka urf boʻlmagan. Uning maʼnosi quyidagicha:
«Labbay Senga Allohim, labbay! Senga labbay! Seni rozilar qilaman! Yaxshilik Qoʻlingdadir. Senga labbay! Orzu-istak va amallar Sengadir!»
Talbiyani baland ovoz bilan aytish
Soib al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Huzurimga Jabroil alayhissalom kelib, sahobalarimga va men bilan birga boʻlganlarga ihlolda (yoki talbiyada) ovozlarini koʻtarishni amr qilishimni buyurdi», dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar. Termiziy sahih degan.
Sharh: Jumhuri ulamolar «Talbiyani baland ovoz bilan aytish mustahabdir», deganlar. Ammo boshqalarga xalaqit bermaslik kerak. Ayol kishi oʻzi eshitadigan qilib aytishi lozim.
Qanday haj afzal?
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: «Qanday haj afzal?» deb soʻraldi. «Baland ovozli va qon oqizgani», dedilar».
Sharh: Albatta, bu savolda hajning rukni va vojiblaridan keyingi afzal amali haqida soʻralmoqda. Bu hadisdan «labbayka»ni baland ovoz bilan aytib, qurbonliklarni yaxshilab soʻyib, haj ibodatining shiorini oshkora qilish afzal ekanligi kelib chiqadi.
Toshlar ham talbiya aytadi
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir musulmon talbiya aytsa, albatta, uning chap va oʻngidagi toshlar, daraxtlar va kesaklar ham talbiya aytadi. Hattoki yer u joydan, bu joydan kesilib ketadi», dedilar».
Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Bu hadisi sharifdan talbiya aytish juda fazilatli ish ekanligi anglashiladi. Toshlar, daraxtlar va kesaklarning talbiya aytgan musulmonga qoʻshilib talbiya aytishi shuni koʻrsatadi. Ularning talbiyasi qanday boʻlishi yolgʻiz Alloh taoloning Oʻziga ayon.
Hajda talbiya qachon toʻxtatiladi
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Jamʼdan Minogacha Fazlni mingashtirib keldilar. Fazlning menga xabar berishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam to Aqobada tosh otgunlaricha talbiya aytishda bardavom boʻlganlar».
Toʻrtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu rivoyatdagi «Jamʼ» soʻzidan murod Muzdalifadir. Fazl esa mashhur sahobiy, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning amakilarining oʻgʻillari Fazl ibn Abbos roziyallohu anhudir. Fazl ibn Abbos va hadisning roviysi Abdulloh ibn Abbos aka-ukadirlar.
Bu hadisdan jumhuri ulamolar «Hajda talbiya aytish Aqobaga tosh otilishi bilan toʻxtatiladi», degan hukmni chiqarganlar.
Umrada talbiya qachon toʻxtatiladi
Yana oʻsha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Umra qiluvchi to hajarni istilom qilgunicha talbiya aytadi», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziy sahih degan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifga amal qilgan holda umra qiluvchi kishi Hajarul asvadni oʻpguncha yoki unga qoʻli bilan ishora qilib, qoʻlini oʻpguncha talbiya aytadi. Hajarul asvadni istilom qilishi bilan talbiya aytishni toʻxtatadi.