Makka haramining fazli — omonlik yurti | Centrum Holidays Asosiy kontentga oʻtish
Makka va Madina · 14 daqiqa oʻqish · 5 ta hadis

Makka haramining fazli — omonlik yurti

Nima uchun Makka «omonlik yurti» deb ataladi, haramda nima harom qilingan va Paygʻambarimiz bu shaharga muhabbatlarini qanday izhor etganlar — oyatlar va hadislar.

C

Centrum Holidays

Litsenziyali umra operatori — UT 0023

Makkai mukarrama — Alloh taolo osmonlaru yerni yaratgan kunidayoq harom qilib qoʻygan shahar. Uning hurmati qiyomat kunigacha davom etadi. Quyida bu muqaddas shaharning fazli haqidagi oyatlar, hadislar va ularning sharhi keltirilgan.

Ibrohim alayhissalomning duosi

Alloh taolo:

«Ibrohimning: «Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin», deganini esla», degan.

«Baqara» surasi, 126-oyat

Ushbu oyatda Ibrohim alayhissalom tillaridan Baytullohning omonlik maskani boʻlishi va Allohning mukofoti moʻminlargagina soʻralishining xabari kelmoqda.

Alloh taolo bu duoni qabul aylagan. Hozirgacha Harami Sharif dunyoning eng omon nuqtasi va oʻzida mevalar oʻsishiga sharoit boʻlmasa ham dunyoning eng meva serob nuqtasi boʻlib kelmoqda.

Makkaning Robbiga ibodat

Alloh taolo:

«Men ushbu shaharning Robbi — uni harom qilgan Zotga ibodat qilishga amr etildim, xolos. Hamma narsa Unikidir. Va musulmonlardan boʻlishga amr etildim», degan.

«Naml» surasi, 91-oyat

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday demoqdalar: «Menga amr qilingan narsa bitta. U ham boʻlsa, ushbu Makka shahrining Robbiga, uni haromga aylantirgan Zot — Allohgagina ibodat qilishdir». U hamma narsaga ega boʻlgan Zotdir.

Bu oyat ham harami sharifning ulugʻligini yana bir bor taʼkidlamoqda.

«Emin haramni makon qilib bermadikmi?»

Alloh taolo:

«Biz ularga emin haramni makon qilib bermadikmi?! U yerga har narsaning mevalari dargohimizdan rizq oʻlaroq yigʻiladi-ku! Ammo koʻplari bilmaslar», degan.

«Qasos» surasi, 57-oyat

Ushbu oyatda Islom yoʻlida yurishdan oʻzini olib qochganlarning bahonasi keltirilib, munoqasha qilinmoqda.

Alloh taolo Makkai mukarramani haram qilib qoʻydi. U yerda urush qilish, hatto qurol koʻtarib yurish mumkin emas. Mushriklar nimadan qoʻrqadilar oʻzi? Haramning hududida turib, hidoyatga ergashsak, yerimizdan haydalishimizdan qoʻrqamiz, deydilarmi?

Shuningdek, Islom hukmi joriy boʻlgan har bir joyda tinchlik-omonlik hukm surgan, odamlar uzoq joylarga safar qilganlarida hayvonlari ham omonda boʻlgan. Hech narsa unmaydigan Makkaga dunyodagi hamma rizq toʻlib-toshib kelib turadigan qilib qoʻyilgan-ku!

Shuningdek, Islom shariati toʻliq amalda boʻlgan musulmonlar diyorida zakot oladigan muhtoj odam topilmay qolib, ulamolar nima qilishni bilmay, boshlari qotgan. Bu degani, musulmon yurtda yashayotgan kishilar hammasi zakot beradigan darajada boy boʻlishgan deganidir.

Endi nimaga odamlar, Islomga amal qilinsa, u boʻladi, bu boʻladi deb qoʻrqitiladi? Chunki bu haqiqatlarni bilgan biladi, xolos. «Ammo koʻplari bilmaslar».

Makka fathi kunidagi xutba

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Xuzoʻaliklar Makka fathi yili Bani Laysdan bir kishini ular qatl etgan bir odamning oʻchini olish uchun qatl qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu haqda xabar berildi.

Bas, u zot ulovlariga mindilar va xutba qilib: «Albatta, Alloh Makkadan filni tutib qoldi va unga Oʻz Rasulini va moʻminlarni sultonli qildi.

Ogoh boʻlinglar! Albatta, u mendan oldin hech kimga halol boʻlmagan va mendan keyin ham zinhor hech kimga halol boʻlmagay.

Ogoh boʻlinglar! U men uchun kunning bir soatiga halol qilindi, xolos.

Ogoh boʻlinglar! Albatta, u bu soatimda haromdir. Uning tikani yulinmas va daraxti kesilmas», dedilar».

Boshqa bir rivoyatda: «Ovi hurkitilmas, tushib qolgan narsasini (egasini) izlovchidan boshqa ololmas. Kimning qatl qilingan oʻligi boʻlsa, uning ikki narsadan xohlaganini qilishga haqqi bor. Yoki unga (diya) beriladi yoki qasos olinadi», dedilar.

Shunda Yaman ahlidan boʻlgan Abu Shoh ismli bir kishi turib: «Menga yozib bering, ey Allohning Rasuli!» dedi. «Abu Shohga yozib beringlar», dedilar.

Keyin Qurayshdan bir kishi: «Izxir bundan mustasno. Biz uni uylarimiz va qabrlarga qoʻyamiz», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Izxir bundan mustasno», dedilar».

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: hodisaning tarixi

Bu rivoyatda zikri kelayotgan hodisalar Makka fathiga oiddir. Hudaybiya sulhida xohlagan kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shartnomasiga, xohlagan kishi Qurayshning shartnomasiga qoʻshilishiga kelishilgan edi. Ana oʻsha bandga binoan, Bani Lays Quraysh shartnomasiga, Xuzoʻa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shartnomasiga qoʻshilgan edilar.

Bani Lays bilan Xuzoʻaning oʻrtasida qadimdan adovat boʻlib, Islom kelganidan keyin bu adovat toʻxtagan edi. Hudaybiya sulhi tuzilgandan keyin bu ikki qabila yana bir-biriga qarshi boʻlib, dushmanliklari yangilandi.

Bani Lays qabilasi paytdan foydalanib, Xuzoʻadagi eski oʻchini olmoqchi boʻldi. Xuzoʻaliklar oʻz suvxonalarida mashgʻul boʻlib turganlarida ular toʻsatdan hujum qilib, bir necha kishini oʻldirdilar. Toʻs-toʻpolon boʻlib, orada urush chiqdi.

Quraysh qabilasi oʻzi bilan shartnoma imzolagan Bani Lays qabilasiga qurol yetkazib berdi, hatto qurayshning koʻzga koʻringan odamlari kechasi bildirmay borib, urushda ishtirok etishdi. Xuzoʻaliklar haramga qarab qochishdi.

Haramga yetib kelishgach, Bani Laysliklarning baʼzilari: «Endi haramga kirdik. Xudodan qoʻrqinglar! Xudodan qoʻrqinglar!» deyishdi. Boshqalari esa: «Bugun Xudo yoʻq! Ey Bani Lays, oʻchingizni olib qoling! Bundan keyin qulay fursat kelmaydi!» dedi.

Bu hodisadan keyin Xuzoʻa qabilasidan Amr ibn Solim qirq otliq bilan Madinai munavvaraga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zotdan oʻzlari bilan Xuzoʻa oʻrtasida sheriklik shartnomasi borligini eslatib, yordam soʻradi. U Quraysh u zot bilan tuzgan sulhni buzganligini, suvxonaga kelib, rukuʼ va sajdada turgan kishilarni qatl qilganlarini aytdi.

Shunda u zot: «Senga nusrat berilur, ey Amr ibn Solim!» dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Solimga yordam berish haqida gapirgan boʻlsalar ham haqiqatni tekshirib koʻrdilar. U zot Qurayshga odam yuborib, xabarni aytdilar va ularni uch narsadan birini tanlashga chaqirdilar. Shartga koʻra, ular yo xuzoʻalik oʻldirilgan kishilarning xunini toʻlaydi, yo Xuzoʻaga qarshi hujum uyushtirgan ahdbuzarlarni oʻz sherikligidan chiqaradi, yoki ahdni buzib, urush qilinadi.

Quraysh urushni ixtiyor qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga tayyorgarlik koʻrish haqida buyruq berib, bu ishni sir tutish lozimligini alohida taʼkidladilar. Sakkizinchi hijriy sananing Ramazon oyida oʻn ming lashkar bilan Madinadan Makkaga yoʻl oldilar. Lashkar «Marriz Zahron» degan joyga qoʻndi. Alloh taolo bu haqda Qurayshni koʻzini koʻr, qulogʻini kar qilib qoʻygan edi.

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ushbu rivoyatda zikri kelayotgan xutbani ana shu harakatlar jarayonida qilganlar.

«Alloh Makkadan filni tutib qoldi»

U zot: «Albatta, Alloh Makkadan filni tutib qoldi» deganlarida quyidagi hodisalarni koʻzda tutganlar:

U zotning tugʻilgan yillari Yaman hokimi Abraha Kaʼbani buzib tashlab, hammani cherkovga burishni qasd qildi. Shu maqsadda katta askar toʻpladi, urushga kerak boʻladigan barcha narsalarni oldi, arablarning qalbiga dahshat solish uchun koʻplab fillar bilan Makkaga qarab yurdi.

Yoʻlda hech qanday qarshilikka uchramay Toifdan Makkaga yaqinlashib, Migʻlas degan joyga qoʻndi. Abraha askaru fillarini toʻplab, Kaʼbani buzishga yurmoqchi boʻlganida fillar yotib olib, hech oʻrinlaridan turmadi. Boshqa tarafga burishsa, fil tezlab yurdi, lekin yana Makka tarafga burishsa, yotib olaverdi.

«va unga Oʻz Rasulini va moʻminlarni sultonli qildi». Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam boshliq sahobai kiromlarga Madinadan Makkaga yurish qilib, bu muqaddas shaharni fath qilish imkonini berdi.

Makkada qurol koʻtarish

«Ogoh boʻlinglar! Albatta, u mendan oldin hech kimga halol boʻlmagan va mendan keyin ham zinhor hech kimga halol boʻlmagay». Makkada qurol koʻtarib yurish, dushmanlarni oʻldirish u zotdan oldin hech kimga halol boʻlmagan.

«Ogoh boʻlinglar! U men uchun kunning bir soatiga halol qilindi, xolos». Har qanday harbiy harakatlar harom qilingan Makkai mukarrama shahri Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam uchun bir kunga, oʻsha kunning ham bir soatiga halol qilindi. Bu kun hijratning sakkizinchi yili, Ramazon oyining yigirmanchisi edi.

Tikan yulish va daraxt kesish

«Ogoh boʻlinglar! Albatta, u bu soatimda haromdir. Uning tikani yulinmas va daraxti kesilmas», dedilar».

Haramda nafaqat urush, balki boshqa bir qancha ishlarni qilish ham harom. Jumladan, u yerning tikanini yulish va daraxtining birorta shoxini boʻlsa ham kesish harom.

«Ovi hurkitilmas, tushib qolgan narsasini (egasini) izlovchidan boshqa ololmas». Harami Sharif hududida yashaydigan ov hayvonlarini nafaqat oʻldirish, balki hurkitish ham, parrandalarining tuxumini olish ham mumkin emas. Shuningdek, u hududda tushib qolgan narsalarni faqat oʻsha narsaning yoʻqolganini eʼlon qilish va egasini axtarish maʼnosidagina olishga ruxsat beriladi.

Abu Shoh va ilmni yozib qoʻyish

«Shunda Yaman ahlidan boʻlgan Abu Shoh ismli bir kishi turib: «Menga yozib bering, ey Allohning Rasuli!» dedi. «Abu Shohga yozib beringlar», dedilar».

U Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan gaplarning hujjat sifatida saqlanib turishini xohlagan va u zotdan yozib berishlarini soʻragan. Abu Shohning fikrini tasdiqlab, sahobalarga yozib berishni amr qilganlar.

Demak, ilmni saqlash uchun yozib, qayd qilib qoʻyish yaxshi ekan. Bu ish Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tasdiqlagan va amr qilgan narsalar sirasiga kiradi.

Ushbu hadisga amal qilib, musulmonlar ilmni ilmiy bahs va kitob shaklida yozib borishgan hamda bu ishga qatʼiy amal qilishgan. Bir zamonlar dunyoning hech bir joyida oʻqish-yozish boʻlmaganda musulmon yurtlarda hamma yozishni bilgan.

Izxir daraxti

«Keyin Qurayshdan bir kishi: «Izxir bundan mustasno. Biz uni uylarimiz va qabrlarga qoʻyamiz», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Izxir bundan mustasno», dedilar».

Bu kishi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu boʻlganlar. Shunday qilib, Harami Sharif hududidagi izxir daraxtini kesishga istisno tariqasida izn berilgan.

«Hijrat yoʻqdir, lekin jihod va niyat bordir»

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makka fathi kuni: «Hijrat yoʻqdir. Lekin jihod va niyat bordir. Qachon sizdan qoʻzgʻolish talab qilinsa, qoʻzgʻoling.

Albatta, bu yurtni Alloh osmonlaru yerni xalq qilgan kuni harom qilgan. U qiyomat kunigacha Allohning hurmati ila haromdir», dedilar».

Boshqa bir rivoyatda: «Sizlardan birortangizga Makkada siloh koʻtarish halol emas», deyilgan.

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

Sharh: Makka fath qilinishidan oldin shahar aholisidan musulmon boʻlganlariga Madinaga hijrat qilish vojib edi. Makka fath boʻlganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Hijrat yoʻqdir», degan eʼlonni qildilar. Chunki endi Makka ham musulmonlar yurtiga aylangan edi.

«Lekin jihod va niyat bordir. Qachon sizdan qoʻzgʻolish talab qilinsa, qoʻzgʻoling». Jihod va niyat bardavom boʻladi. Ularning vojibligi hijratga oʻxshab, vaqtinchalik boʻlmaydi.

«Albatta, bu yurtni Alloh osmonlaru yerni xalq qilgan kuni harom qilgan. U qiyomat kunigacha Allohning hurmati ila haromdir». Shuning uchun bu yurtning hurmatini saqlash har bir moʻmin-musulmonning muqaddas burchidir.

«Sizlardan birortangizga Makkada siloh koʻtarish halol emas». Chunki Makkada siloh — qurol ishlatish haromdir. Ammo ehtiyot chorasi sifatida olib yurilsa boʻladi.

Abu Shurayhning eʼtirozi

Abu Shurayh al-Adaviy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi Makkaga askarlarni yuborayotgan Amr ibn Saʼiydga: «Ey amir, menga izn ber. Men senga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka fathining ertasiga aytgan gaplarini aytib beray. Uni ikki qulogʻim eshitgan va qalbim jo qilib olgan. Uni gapirgan chogʻlarida ikki koʻzim u zotni koʻrgan.

U zot Allohga hamdu sano aytdilar va: «Albatta, Alloh Makkani harom qilgandir. Uni odamlar harom qilmagan. Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan odam uchun unda qon toʻkish halol emas. Unda daraxtni kesmas.

Agar birortasi Rasulullohning unda qitol qilganlarini bahona qilib, oʻziga ruxsat topsa, unga «Alloh Oʻz Rasuliga izn bergan, sizlarga izn bergan emas», denglar.

Albatta, Alloh menga unda nahordan maʼlum soatga izn bergan, xolos. Bugungi kunda uning hurmati xuddi kechagi kungidek qaytdi. Bas, shohid gʻoyibga yetkazsin», dedilar.

Abu Shurayhga: «Oʻshanda Amr senga nima dedi?» deyildi. «Men uni sendan koʻra yaxshi bilaman, ey Abu Shurayh! «Albatta, haram osiyni panohiga olmas. Qon toʻkib qochganni ham, xiyonat qilib qochganni ham», degan», dedi».

Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.

Sharh: Bu rivoyatda zikri kelayotgan hodisalar Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu Yaziyd ibn Muoviyaga bayʼat qilmay, Makkada oʻz hukmini oʻrnatgach, Yaziydning farmoniga binoan, uning Madinadagi amiri Amr ibn Saʼiyd unga qarshi urush qilish uchun Makkaga askarlar yuborayotgan bir paytda boʻlib oʻtgan.

Oʻshanda Abu Shurayh roziyallohu anhu Makkaga askar yuborilishiga eʼtiroz bildirib, bu ish shariatga xilof ekanligini bayon qilishga uringan.

Paygʻambarimizning Makkaga muhabbatlari

Abdulloh ibn Adiy ibn Hamro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hazvarada turib: «Allohga qasamki, albatta, sen Allohning eng yaxshi yerisan va Allohning Oʻziga eng mahbub yerisan. Agar men sendan chiqarilmaganimda chiqmasdim», deganlarini eshitdim».

Sharh: Hazvara — Makkadagi joyning nomi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makkaga: «Sen men uchun qanday ham xushhol va mahbub yurtsan. Agar qavmim meni sendan chiqarmaganlarida, sendan boshqa yerni maskan tutmas edim», dedilar».

Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: Bu ikki hadisi sharifdan Makkai mukarramaning fazli qanchalar ulugʻ ekanligini yana bir bor bilib olamiz. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bu muqaddas shaharning fazlini Alloh taologa qasam ichish bilan taʼkidlamoqdalar. Buning ustiga, u zot Makkai mukarramaga nisbatan boʻlgan muhabbatlarini ham eng goʻzal iboralar bilan izhor etmoqdalar.

Demak, Makkai mukarrama eng avval Alloh taolo uchun, qolaversa, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam uchun ham eng mahbub yer boʻlgan.

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan chiqish istaklari mutlaqo boʻlmasa ham u yerning ahli u zotni chiqishga majbur qilganlari uchungina chiqqanlar. Mana shularning barchasi Makkai mukarramaning fazli qanchalar ulugʻ ekanligiga yorqin dalildir.

Manba «Hadis va Hayot: Haj bobi» Hadis raqamlari: 1566, 1567, 1569, 1571, 1573

Aniq diniy savollar uchun mahalliy imom-xatib bilan maslahatlashing yoki Oʻzbekiston musulmonlari idorasining fatvo markaziga qoʻngʻiroq qiling: +998 78 150 33 44. Tasdiqlangan manbalar: islom.uz, savollar.islom.uz.

Bu maqola sizga foydali boʻldimi?

Aniq savollaringizga 15 daqiqada javob beramiz — bepul maslahat

C

Centrum Holidays

Eʼlon qilingan: 5-avgust, 2026

Ulashish:

Umra haqida koʻproq savolingiz bormi?

Operator sizga shaxsiy javob beradi

Qanday usulda bogʻlanishni xohlaysiz?

Maʼlumotlaringiz xavfsiz saqlanadi

Yoki qoʻngʻiroq qiling

+998 77 193 99 99

Har kuni 09:00–21:00

Qoʻngʻiroq Yozish