Umra va hajning yakuniy amali — sochni oldirish yoki qisqartirish. Aynan shu amal bilan ehromdan chiqiladi. Quyida bu amalning oyat va hadislardagi asoslari hamda ulamolarning sharhlari keltirilgan.
Qurʼondagi bashorat
Alloh taolo:
«Albatta, Masjidul haromga, inshaalloh, omonlikda, sochlaringiz olingan, qisqartirilgan holda qoʻrqmasdan kirasizlar. Bas, U siz bilmagan narsani biladi va sizlarga bundan boshqa yaqin fathni qildi», degan.
«Fath» surasi, 27-oyat
Bu oyatda Alloh taolo moʻminlarga bir necha xushxabar yetkazmoqda. Avvalo, Paygʻambar alayhissalomning tushlarini tasdiqlamoqda. Qolaversa, Masjidul haromga kirish nasib etishining xabarini bermoqda.
Ushbu xabarni Alloh taoloning Oʻzi taʼkidlab berayotganiga qaramay, yana Oʻzi «Inshaalloh» — «Alloh xohlasa» degan iborani ham ishlatmoqda. Bunday deyish iymon odoblaridan boʻlib, dunyodagi har bir ish va voqeani Alloh taoloning xohishiga bogʻlashdan iboratdir. Hudaybiya sulhidan koʻp oʻtmay bu vaʼda amalga oshdi.
Soch oldirganlarga rahmat duosi
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohim! Soch oldirganlarga rahm qilgin!» dedilar.
«Qisqartirganlarni hammi, ey Allohning Rasuli!?» deyishdi.
«Allohim! Soch oldirganlarga rahm qilgin!» dedilar.
«Qisqartirganlarni hammi, ey Allohning Rasuli!?» deyishdi.
«Qisqartirganlarni ham», dedilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifdan haj va umra qilgan erkaklar sochlarini oldirishlari afzal ekanligi maʼlum boʻladi.
Muborak soch odamlarga taqsimlangani
Anas roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam toshni otib, qurbonliklarini soʻyib boʻlganlaridan keyin sartaroshga oʻng tomonlarini tutdilar. U sochni oldi. U zot uni Abu Tolhaga berdilar.
Soʻngra sartaroshga chap tomonlarini tutdilar. U sochni oldi. U zot uni Abu Tolhaga berdilar va: «Uni odamlarga taqsimlab ber», dedilar», dedi».
Boshqa bir rivoyatda: «Bas, u uni bir tola, ikki toladan qilib, odamlarga ulashdi», deyilgan.
Toʻrtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifni «Ahli solih kishilarga tegishli narsalarni tabarruk sifatida saqlashga dalil» deydilar.
Oʻshanda kishilar tomonidan taqsimlab olingan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning muborak sochlari hozirgacha musulmonlar uchun tabarruk boʻlib kelmoqda. Ana shu muborak sochdan Istambuldagi muzeyda saqlanmoqda.
Toshkentdagi Moʻyi muborak masjidida ham Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sochlaridan bir tolasi saqlangan ekan. Turli munosabatlar bilan ana shu muborak soch xalq ommasi ichiga olib chiqib ham turilgan. Hozirga kelib ushbu muborak soch tolasi nima boʻlganligi bizga qorongʻu.
Ayollar uchun — faqat qisqartirish
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ayollarga soch oldirish lozim emas. Ayollarga — qisqartirish», dedilar».
Abu Dovud, Termiziy va Doraqutniy rivoyat qilganlar.
Sharh: Sochni haj yoki umrada oldirish erkaklarga xos. Ayollar faqat sochlarining uchidan bir oz qisqartirsalar kifoya qiladi. Ularga soch oldirish amr qilinmagan.
Amallar tartibi buzilsa
Yana oʻsha kishidan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Tosh otishdan oldin ziyorat (Kaʼbani tavof) qildim», dedi.
«Hechqisi yoʻq», dedilar.
«Soʻyishdan oldin soch oldirdim», dedi. «Hechqisi yoʻq», dedilar.
«Tosh otishdan oldin soʻydim», dedi. «Hechqisi yoʻq», dedilar».
Sharh: Hozirda baʼzi kishilar ushbu hadisi sharifni hujjat qilib, «Mazkur ishlarni tartibsiz ravishda, qay birini oldin, qay birini keyin qilsa boʻlaveradi», degan gapni aytadilar.
Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Hechqisi yoʻq» deganlari boʻlar ish boʻlib, fursat oʻtgandan keyin aytilganini unutib qoʻyadilar. Soʻrovchilar bu ishlarni hukmni bilmasdan ado etganlar va keyin savol berganlar. Hukmni bilgan odam amallarni tartib bilan qilmogʻi lozim.
Vidolashuv hajidagi savollar
Boshqa bir rivoyatda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajida Minoda odamlar uchun turdilar. Ular u zotdan soʻradilar.
Bir kishi: «Soʻyishdan oldin bilmasdan soch oldiribman», dedi. «Soʻyaver. Hechqisi yoʻq», dedilar.
Boshqa biri kelib: «Tosh otishdan oldin bilmasdan soʻyibman», dedi. «Otaver. Hechqisi yoʻq», dedilar.
U zotdan oʻsha kuni oldinga yoki keyinga surilgan nima narsa haqida soʻralsa ham, «Qilaver, hechqisi yoʻq», dedilar», deyilgan.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Baʼzi ulamolar avval aytib oʻtilganidek, ushbu hadisi sharifni dalil qilib, «Hayit kuni qilinishi lozim boʻlgan haj amallarini tartibli qilish vojib emas. Avval tosh otish, keyin soʻyish va undan soʻng soch oldirish sunnatdir», deydilar.
Ammo ushbu rivoyatda soʻrovchilarning barchasi «bilmasdan» degan soʻzni aytganlarini unutmaslik lozim.
Abu Hanifa va Molik rahmatullohi alayhimlar «Mazkur amallarni bajarishda tartibga rioya qilish vojibdir. Kim oʻsha tartibni buzsa, jonliq soʻyish vojib boʻladi», deganlar.