Umraning amallari va Baytni tavof qilish | Centrum Holidays Asosiy kontentga oʻtish
Umra amallari · 15 daqiqa oʻqish · 9 ta hadis

Umraning amallari va Baytni tavof qilish

Umra ehromi, tavof va saʼy tartibi, raml nima, Ibrohim maqomida ikki rakʼat namoz va bemor kishilar uchun tavof — hadislar va ulamolar sharhi.

C

Centrum Holidays

Litsenziyali umra operatori — UT 0023

Umra — Baytullohni ziyorat qilish ibodati. Uning amallari hajning amallariga juda oʻxshash: ehrom bogʻlash, tavof, saʼy va soch oldirish yoki qisqartirish. Quyida umraning amallari va Baytni tavof qilish tartibi hadislar hamda ulamolarning sharhlari asosida bayon etilgan.

Umra uchun ehrom bogʻlash

Marvon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hudaybiya zamonida Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan oʻn necha yuztasi (bir yarim mingga yaqin) bilan Madinadan chiqdilar. Zul-Hulayfaga yetganlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam qurbonliklarga belgi taqdilar, oʻrkachini tildilar va umraga ehrom bogʻladilar».

Buxoriy, Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar.

Sharh: Umra uchun ham xuddi haj uchun lozim boʻlgan ishlarning ayni oʻzi qilinadi.

Qurbonliklarga belgi taqish ularning boʻyniga kavush yoki daraxtning poʻstlogʻini bogʻlash bilan amalga oshiriladi. Qurbonliklarning oʻrkachini tilish esa «ishʼor» deyiladi. Bu ishlar bilan haj va umra uchun atalgan qurbonliklar belgilab qoʻyiladi. Bu hayvonlarni koʻrgan har bir odam ularning qurbonlikka atalganligini biladi.

Hajning miyqotlari umra uchun ham miyqotdir. Shuning uchun ham Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ham hajga, ham umraga Zul-Hulayfadan ehrom bogʻlaganlar. Hamma oʻz miyqotidan umraga ehrom bogʻlaydi.

Makkada yoki haram chegarasi ichida turganlar umra qilmoqchi boʻlsalar, albatta, haram chegarasidan tashqariga chiqishlari vojib. Aks holda umra qilib boʻlmaydi.

Ehromda nima man qilinadi

Yaʼlo ibn Umayya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Jaʼronada turganlarida u zotning huzurlariga bir kishi keldi. U umra niyati bilan ehrom bogʻlagan boʻlib, soch va soqoli sariqqa boʻyalgan va ustiga chopon kiyib olgan edi.

U: «Ey Allohning Rasuli! Men umra uchun ehrom bogʻladim. Oʻzim siz koʻrib turganingizdekman», dedi.

«Ustingdagi choponni yech. Oʻzingdagi sariqlikni yuv. Hajingda nima qiladigan boʻlsang, umrangda ham shuni qil», dedilar».

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: Bu hadisi sharifdan umradagi ehrom bogʻlash va unga oid masalalar hajnikidan farq qilmasligini koʻramiz. Faqat umra tavof va saʼy qilib, sochni oldirib yoki qisqartirgandan soʻng tamom boʻladi.

Saʼy qilmaslik — umra tugamaydi

«Ibn Umar roziyallohu anhumodan oʻz umrasida Baytni tavof qilgan, ammo Safo bilan Marva orasida saʼy qilmagan odam haqida: «U ayoliga yaqinlik qilsa boʻladimi?» deb soʻraldi.

Shunda u kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam yetib kelib, Baytni yetti marta tavof qildilar, maqom ortida ikki rakʼat namoz oʻqidilar va Safo bilan Marva orasida yetti marta saʼy qildilar. Batahqiq, sizlarga Rasulullohda goʻzal oʻrnak bordir», dedi».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Sharh: Demak, umrada ham xuddi hajdagi kabi yetti marta tavof va yetti marta saʼy qilinadi. Umrada ham xuddi hajdagi kabi amallari tugamay turib, ehrom harom qilgan narsalarga yaqinlashib boʻlmaydi.

Qazo umrasi

Ibn Abu Avfo roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umra qildilar. Biz ham u zot bilan birga umra qildik. U zot Makkaga kirgan chogʻlarida tavof qildilar, biz ham u zot bilan birga tavof qildik. U zot Safo va Marvaga bordilar, biz ham u zot bilan birga ikkisiga bordik.

Biz u zotni Makka ahlidan birortasi otib qoʻymasin deb toʻsib turardik.

Mening bir doʻstim: «Kaʼbaga kirdilarmi?» dedi. «Yoʻq», dedim. «Xadichaga nima deganlarini aytib ber», dedi. «Xadichaga jannatdagi durdan boʻlgan, ichida baqiriq ham, charchoq ham yoʻq uyning bashoratini ber», dedilar», dedim».

Buxoriy, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilganlar.

Sharh: Bu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hudaybiyadan keyingi yili qazo umrasi qilganlaridagi hodisalar haqida soʻz bormoqda. Oʻshanda sahobai kiromlar mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ozor yetkazib qoʻymasin degan maqsad bilan u zotni ulardan toʻsib turishgan. Ana shu umrada ham hajda qilinadigan amallarga oʻxshash amallar ado etilgan.

Umrada qurbonlik

«Jobir roziyallohu anhu: «Hudaybiya yili Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga bir tuyani yetti kishi nomidan hamda bir sigirni yetti kishi nomidan soʻydik», dedi».

Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Sharh: Demak, qurbonlik soʻyishda ham hajda nima qilinsa, umrada ham ana shu ishlar qilinadi.


Baytni tavof qilish

Alloh taolo:

«Va Ibrohim va Ismoilga: «Uyimni tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, rukuʼ va sajda qiluvchilar uchun poklanglar», deb amr qildik», degan.

«Baqara» surasi, 125-oyat

Yaʼni Baytullohni atrofdan kelib, tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, rukuʼ va sajda qiluvchilar uchun poklab qoʻyishni buyurgan edik demoqda. Bu eslatma arab mushriklarining bunday muqaddas baytni maʼnaviy najas boʻlmish uch yuz oltmishdan ortiq but bilan, shirk aqiydasi bilan iflos qilganlari naqadar yomon ish boʻlganligini koʻrsatadi.

Alloh taolo «Haj» surasida:

«Esla, Biz Ibrohimga Baytning joyini belgilab berib: «Menga hech narsani sherik qilma, Baytimni tavof qiluvchilar, (ibodatda) qoim turuvchilar hamda rukuʼ, sajda qiluvchilar uchun poklagin», (dedik)», degan.

«Haj» surasi, 26-oyat

Bu oyati karimada Baytullohni qurish va uni tavof qilish haqida soʻz ketmoqda. Hatto Kaʼbai muazzamani qayerga qurishni ham Alloh taoloning Oʻzi belgilab bergan. Belgilab berganda ham, Oʻzining Paygʻambari Ibrohim alayhissalomga belgilab bergan.

Ibrohim alayhissalom oʻgʻillari Ismoil alayhissalom bilan Alloh taoloning amriga muvofiq koʻrsatilgan joyga Baytullohni qurib bitirganlaridan soʻng Allohdan quyidagi farmon keldi: «Menga hech narsani sherik qilma…» Yaʼni menga dunyodagi hech bir narsani sherik keltirma. Baytning egasiga shirk keltirish mumkin emas. Uning sherigi yoʻq.

Ammo Quraysh kofirlari Baytning atrofida unga qoʻshni yashab turib, son-sanoqsiz butlarni uning egasiga «sherik xudolar» bilib, ularga ibodat qilishdi. Hatto Baytullohning ichiga uch yuz oltmishta butni qoʻyib, Masjidul haromga ega chiqib, musulmonlarning unga kirish yoʻllarini toʻsishdi.

Baytullohning egasi boʻlmish Alloh taolo tomonidan uning quruvchisi Ibrohim alayhissalomga aytilayotgan bu sifatlar musulmonlardagina mavjud boʻlib, Baytullohga, Masjidul haromga Quraysh kofirlari emas, ular haqlidirlar.

Tavofi qudum — kelish tavofi

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makkaga yetib kelgan chogʻlarida eng avval qilgan ishlari tahorat qilib, baytni tavof qilish boʻldi».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Sharh: Ushbu tavof «tavofi qudum» — «yangi kelish tavofi» deyiladi. Bu tavof sunnatdir.

Raml va tavof namozi

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon haj yoki umraga dastlab kelishlari bilan tavof qilsalar, baytning uch tavofini tezlab qilar edilar. Keyin toʻrt tavofni yurib qilardilar. Soʻngra ikki rakʼat namoz oʻqir edilar. Undan keyin Safo va Marva oʻrtasida saʼy qilar edilar».

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: Birinchi uch tavofni tezlab qilish «raml» deyiladi. Unda pahlavon yurishi qilib, tavof qilinsa, qolgan toʻrttasi oddiy yurish bilan ado etiladi.

Yetti marta tavof ado etib boʻlingach, Ibrohim maqomida ikki rakʼat tavof namozi oʻqiladi. Keyin esa Safo va Marva orasida yetti marta saʼy qilinadi.

Paygʻambarimizning tavof tartibi

Termiziyning lafzida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makkaga kelganlarida masjidga kirdilar, hajarni istilom qildilar. Soʻngra oʻng tomonlariga qarab yurib ketdilar. Uchta raml qildilar. Toʻrtta yurish qildilar.

Soʻng maqomga kelib: «Ibrohimning maqomini namozgoh tuting», dedilar va ikki rakʼat namoz oʻqidilar. Maqom u zot bilan baytning orasida turdi.

Soʻng hajarning oldiga borib, uni istilom qildilar. Keyin Safoga chiqdilar. «Albatta, Safo va Marva Allohning (dinining) belgilaridandir» dedilar», deb oʻylayman».

Boshqa bir rivoyatda: «Odatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dastlabki tavofni qilsalar, uch marta loʻkkillar va toʻrt marta yurar edilar», deyilgan.

Sharh: Bu rivoyatdan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramaga kirib kelgach, dastlab qiladigan ishlarining tartibi haqida soʻz ketmoqda. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makkaga kelganlarida:

  1. Dastlab Masjidul haromga kirar edilar.
  2. Hajarul asvadni istilom qilar edilar.
  3. Soʻng Hajarul asvadning oʻng tomoniga qarab tavof qilish uchun yurib ketar edilar.
  4. Uch tavofni raml qilar edilar.
  5. Qolgan toʻrttani oddiy yurish qilardilar.
  6. Soʻng maqomga kelib, «Maqomi Ibrohimdan namozgoh tutinglar», der va ikki rakʼat namoz oʻqir edilar.
  7. Soʻng Hajarul asvadni yana bir bor istilom qilar edilar.
  8. Keyin Safoga chiqib, «Albatta, Safo va Marva Allohning (dinining) belgilaridandir», deb saʼyni boshlar edilar.

Har bir hoji yoki umra qiluvchi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga ergashgan holda mazkur ishlarni xuddi shu tartibda ado etishga urinadi.

Raml nima uchun buyurilgan

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam va u kishining sahobalari keldilar. Shunda mushriklar «Hozir huzuringizga Yasribning isitmasi tinkasini quritgan guruh keladi», deyishdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga uch tavofni raml qilishni va ikki rukn orasida yurishni amr etdilar. U zotni ularga barcha tavofni raml qilishga amr etishdan faqatgina ularga rahm qilganlari man qildi, xolos».

Boshqa bir rivoyatda: «Shunda mushriklar: «Isitma tinkasini quritgan deb oʻylaganingiz anavilarmi?! Ular falondan ham, falondan ham baquvvat-ku!» dedilar» jumlasi ziyoda qilingan.

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: Bu joyda sahobalarning Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam boshchiliklarida Hudaybiya sulhidan keyingi yili qazo umrasini ado qilish uchun kelganlari haqida soʻz ketmoqda. Ular musulmonlarni masxara qilish uchun Masjidul haromga kirib, tomosha qilib oʻtirishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mushriklarning bu gaplaridan xabar topdilar va ularga qarshi chora koʻrdilar. Birinchi uch tavofda sahobalarga yelkani keng qilib, pahlavon yurishi qilishni amr qildilar. Toki mushriklar koʻrib qoʻysinlar — ularning qarshisida Baytullohni tinkasi qurigan ojiz odamlar emas, pahlavon musulmonlar tavof qilmoqdalar.

Shu bilan birga, ikki rukn — rukni Yamaniy va rukni Hajarul asvad orasida raml qilmasliklariga ham ijozat berdilar. Chunki bu tarafda tomosha qilib turgan mushriklar yoʻq edi.

Sahobai kiromlar Makkai mukarramaga yetib kelgunlaricha uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgan edilar. Ular uchun birinchi uch tavofni raml qilish yetarli edi. Shu harakatning oʻzi bilan dushmanni noumid qilish mumkin edi. Sahobai kiromlar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning bu haqdagi amrlarini aʼlo darajada bajardilar.

Mushriklar: «Isitma tinkasini quritgan deb oʻylaganingiz anavilarmi?! Ular falondan ham, falondan ham baquvvat-ku!» dedilar. Shuning uchun hozirgacha bu narsa musulmonlarga sunnat boʻlib qoldi.

Bemor va nogiron kishilar uchun tavof

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga oʻzimning bemorligimdan shikoyat qildim. Shunda u zot: «Odamlar ortidan mingan holingda tavof qil», dedilar.

Bas, men tavof qildim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa baytning yonida «Vat-Turi va kitabim mastuur» (oyati)ni qiroat qilib, namoz oʻqir edilar».

Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.

Sharh: Ushbu hadisi sharif bemor, zaif, oʻzi yura olmaydigan kishilar ham haj qilishlari joizligiga dalildir.

Ummu Salama onamiz xastaliklari tufayli oʻzlari yurib, tavof qila olmaganlarida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam u kishiga ulovga minib, tavof qilishni amr etdilar. Shuning uchun ham hozirgacha tavof yoki boshqa amallarni oʻzlari yurib qila olmagan hojilarni zambilda koʻtarib boʻlsa-da, tavof, saʼy va boshqa amallar ado qildiriladi.

Amaliy eslatma. Bugungi kunda Masjidul haromda nogironlar aravachasi xizmati mavjud — yura olmaydigan yoki qiynaladigan ziyoratchilar tavof va saʼyni aravachada ado etadilar. Guruhimizda keksa yoki sogʻligʻi zaif ziyoratchi boʻlsa, buni oldindan ayting — biz kerakli xizmatni tashkil qilamiz.

Manba «Hadis va Hayot: Haj bobi» Hadis raqamlari: 1532, 1534, 1536, 1538, 1540, 1432, 1434, 1436, 1437

Aniq diniy savollar uchun mahalliy imom-xatib bilan maslahatlashing yoki Oʻzbekiston musulmonlari idorasining fatvo markaziga qoʻngʻiroq qiling: +998 78 150 33 44. Tasdiqlangan manbalar: islom.uz, savollar.islom.uz.

Bu maqola sizga foydali boʻldimi?

Aniq savollaringizga 15 daqiqada javob beramiz — bepul maslahat

C

Centrum Holidays

Eʼlon qilingan: 10-avgust, 2026

Ulashish:

Umra haqida koʻproq savolingiz bormi?

Operator sizga shaxsiy javob beradi

Qanday usulda bogʻlanishni xohlaysiz?

Maʼlumotlaringiz xavfsiz saqlanadi

Yoki qoʻngʻiroq qiling

+998 77 193 99 99

Har kuni 09:00–21:00

Qoʻngʻiroq Yozish